Hurmatli universitet jamoasi – aziz professor-o‘qituvchilar, qadrli talabalar va fidoyi xodimlar!
Yoshlar har bir mamlakatning kelajagiga katta taʼsir ko‘rsata oladigan, rivojlanish va taraqqiyotni taʼminlaydigan o‘ziga xos salmoqli kuch hisoblanadi. Shu maʼnoda yoshlarning sifatli taʼlim-tarbiya olishi, vatan ravnaqi yo‘lida manfaatli xizmat qilishi uchun barchamiz masʼulmiz. Ushbu masʼuliyat bizni yangi-yangi rejalar tuzish va katta islohotlarni amalga oshirishga undaydi.
2026-yil 24-fevral kuni yurtimizda Prezidentimiz rahbariligida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan ochiq muloqot ana shunday samimiy uchrashuvlardan biri bo‘ldi. Muloqot jarayonida yoshlarimiz hayoti uchun muhim va dolzarb bo‘lgan bir qator masalalarga eʼtibor qaratildi. Ularning har biri mamlakat kelajagi bo‘lgan yosh avlod hayotida katta ahamiyat kasb etadi.
Bugungi globallashuv jarayonida yoshlarni jahonda yuz berayotgan turli noxolis yondashuvlardan munosib himoya qilish, buning uchun ularning vaqtini har doim unumli tashkil etish, g‘ayrat-shijoatini ilm-maʼrifat, foydali mehnat, bunyodkorlik kabi ishlarga yo‘naltirish taqozo etiladi. Yoshlar raqamli texnologiyalarni puxta o‘zlashtirishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan bahramand bo‘lishi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz zarur.
Prezidentimiz ilgari surgan g‘oyalar va bildirilgan takliflar asosida biz – Yangi asr universiteti jamoasi o‘zimizning yaqin kelajakdagi rejalarimiz va vazifalarimizni belgilab oldik.
Xabaringiz bor, universitetimiz taʼlim sohasida o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lgan ilm dargohlaridan biri sanaladi. Bugungi kunda bu yerda taʼlim-tarbiya olayotgan to‘rt mingdan ziyod talabalar o‘zlari tanlagan soha bo‘yicha yurtimizning eng peshqadam yoshlaridan bo‘lishi uchun yetarlicha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Bu yil universitetimizning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorligi ancha kengaydi. Joriy o‘quv yilida ilk bor 6 nafar talabamiz Ummon davlatida o‘qib qaytishdi. Endilikda yoshlarimizning xorijiy tillarni puxta o‘rganishlari uchun bunday faoliyatni yana-da kengaytirish rejalashtirilyapti.
Talabalarimiz jahon miqyosidagi katta ilmiy konferensiyalarda o‘z ilmiy ishlari bilan ishtirok etishiga alohida ahamiyat qaratilyapti. Joriy o‘quv yilida yuzga yaqin talabamiz ana shunday ilmiy anjumanlar ishtirokchisi bo‘lishdi.
Kitobxonlik ilm yo‘liga qadam qo‘ygan yoshlar hayotining ajralmas qismidir. Ilm-maʼrifat bugungi dunyoning barcha muammolariga yechim bo‘la oladigan eng taʼsirchan omil. Shuni inobatga olgan holda universitetda yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini orttirish, muntazam ravishda o‘z ustida ishlashini taʼminlashga qaratilgan istiqbolli rejalar ishlab chiqilgan. Bu orqali talabalar dunyodagi eng ilg‘or tengdoshlari bilan bemalol bellasha oladigan, taʼlimni milliy axloq va tarbiya uyg‘unligida puxta egallagan, jahondagi global xatarlarga qarshi mustahkam immunitetga ega bo‘lgan barkamol avlod sifatida shakllanib boradi.
Talabalarning vaqtlarini mazmunli tashkil qilish hamda jismoniy salohiyatini oshirish maqsadida sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari muntazam o‘tkazib borilmoqda. Yoshlarning sog‘lom va irodali bo‘lishida bunday tadbirlarning o‘rni salmoqli albatta.
Har bir yoshning ilm-maʼrifatli, salohiyatli va jamiyat uchun foyda keltiradigan mutaxassis va barkamol inson bo‘lib yetishishi uchun universitet jamoasi doimiy izlanishda va xizmatda bo‘lib kelmoqda. Maqsadimiz – yoshlar taʼlim-tarbiyasi orqali yurt ravnaqi va vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdir. Mana shu yagona maqsad yo‘lida xizmat qilayotgan professor-o‘qituvchilar, xodimlar, tahsil olayotgan talabalar hamda ularning ota-onalariga kuch-quvvat, g‘ayrat-shijoat tilayman.
Hurmatli talabalar! O‘qish va izlanishdan hech qachon to‘xtab qolmang! Biz – universitet jamoasi buyuk maqsadlar yo‘lidan borayotgan yoshlarga xizmat qilishdan har doim mamnunmiz.
Hurmat bilan Baxtiyor ISHANDJANOV Yangi asr universiteti rektori