Mamatov Dilmurad Narmuratovich
Yangi asr universiteti o‘quv va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori
2021-yilda “Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlangan.
2003, 2004-yillarda “Beruniy” nomli davlat stipendiyasi sohibi hamda “Yil talabasi” tanlovi gʻolibi.
Nankin politexnika instituti professori (XXR)
Pedagogika fanlari doktori (DSc), profesor.
Mamatov Dilmurad Narmuratovich 1983-yilda Sirdaryo viloyati, Xovos tumanida tugʻilgan. 2005-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini bakalavr, 2007-yilda magistratura, 2010-yilda aspiranturada tahsil olgan. D. Mamatov oʻzining ilmiy–pedagogik faoliyati davomida 5 ta monografiya, 5 ta darslik, 5 ta oʻquv qoʻllanma, 30 tadan ortiq metodik qoʻllanma, 70 dan ortiq ilmiy-nazariy va ilmiy-metodik maqolalar, shulardan 5 tasi Scopus maʼlumotlar bazasi roʻyxatidagi jurnallarda chop etilgan. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari 5- va 7-sinflar uchun “Texnologiya” darsligi mualliflaridan biri. D.Mamatovning darsliklari bugun mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalarida foydalanilmoqda.
2005-2020-yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida oʻqituvchi, katta oʻqituvchi, kafedra mudiri, boʻlim boshligʻi lavozimlarida ishlagan. 2020-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻlimi boshligʻi, Toshkent shahridagi Adju universitetida oʻquv-uslubiy boʻlim boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan. 2022-yildan xozirgi vaqtga qadar Yangi asr universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori sifatida faoliyat olib bormoqda.
2017-yil 3-oktyabrda Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi ixtisoslashgan kengashda – Elektron taʼlim nazariyasi va metodikasi ixtisosligi boʻyicha “Elektron axborot taʼlim muhitida kasbiy taʼlim jarayonlarini pedagogik loyihalashtirish” mavzusida pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi, 2023-yil yanvarda “Raqamli texnologiyalar muhitida taʼlimda korporativ hamkorlik jarayonlarini pedagogik loyihalashtirish” mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 2019-yilda dotsent, 2024-yilda professor ilmiy unvonini olishga muvaffaq boʻlgan.
Hozirda pedagogika fanlari boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash 13.00.01 – Pedagogika nazariyasi. Pedagogik taʼlimotlar tarixi ixtisosligi boʻyicha ilmiy seminar aʼzosi hamda Xalq taʼlim vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi texnologiya fani boʻyicha ilmiy-metodik kengash aʼzosi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
D.Mamatov 2013-yil 15-noyabrda Jansons institute of technology xalqaro seminarda “Technical Education: Global Trends and Challanges” mavzusi boʻyicha qilgan maʼruzasi xalqaro eʼtirof etilgan. Seul (Janubiy Koreya), Moskva, Sankt-Peterburg, Kazan (Rossiya), Torgovishte (Ruminiya), Praga (Chexiya), Dubay (BAA), Nankin (XXR) shaharlarida ilmiy seminar va simpoziumlarda oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etgan. D.Mamatov 2013-yil 2-oktyabrdan - 26-noyabrgacha Hindistonda oʻtkazilgan “Development of Technical Education to meet the Global Needs” mavzusi boʻyicha malaka oshirish kursini tamomlagan. 2024-yilda Nankin politexnika universitetini “Professor” ilmiy unvoni bilan taqdirlangan.