"Men nima uchun o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘si va mavqeini oshirish kerak, deb ko‘p gapiraman. Chunki bolalarimiz qalbining chinakam meʼmori, muhandisi o‘qituvchilardir. Shuning uchun pedagoglarni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash doimo eʼtiborimiz markazida bo‘ladi. Ularni darsdan boshqa ishlarga jalb etish – bu davlatga, kelajakka xiyonat, deb baholanishi kerak. O‘qituvchiga hurmatsizlik – bu xalqimizga, jamiyatimizga hurmatsizlikdir.– Shunday jamiyat qurishimiz kerakki, o‘qituvchilik eng obro‘li kasb bo‘lishi lozim! Bu yo‘lda biz, avvalo, o‘z hayotini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan ming-minglab ustoz va murabbiylarga tayanamiz! Ustozlarni eʼzozlagan jamiyat hech qachon kam bo‘lmaydi, o‘z maqsadlariga albatta yetadi. Bir haqiqatni hech qachon unutmanglar: xalqimiz o‘z kelajagini sizlarga ishonib topshirgan. Kelajagimiz qanday bo‘lishi avvalo sizlarga bog‘liq. Bu yo‘lda Prezident sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi".   Shavkat Mirziyoyevning taʼlim ko‘rgazmasi doirasida maktab o‘qituvchilari bilan uchrashuvidan.