🔰Yangi asr universitetida “Universitet 4.0: Ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar va zamonaviy tendensiyalar” nomli xalqaro ilmiy va ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi
   Kecha 18-mart kuni O‘zbekiston respublikasi oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi Yangi asr universiteti  tomonidan tashkil etilgan “Universitet 4.0: Ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar va zamonaviy tendensiyalar” nomli xalqaro ilmiy va ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator yurtmizdagi va xorijlik soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Anjuman va oflayn va onlayn tarzda tashkil etildi. 
   Anjumanni GRAND TA’LIM rahbari, universitet ta’sischisi Muzaffar Sattiyev o‘z nutqi bilan boshladi. So‘ngra Yangi asr universiteti rektori  Qobiljon Zohidov ushbu ilmiy -texnikaviy anjumanda qatnashayotgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi. 
   Anjumanning maqsadi – ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy tendensiyalarni joriy qilish jarayonida xalqaro tajribalardan foydalanishga doir xalqaro va mahalliy ilmiy tadqiqotlarni to‘plash, tajribalarni o‘rganish, aniqlash hamda ommalashtirishdan iborat edi.
   Ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziriligi, bo‘lim boshlig‘i Alijon Xo‘jayev hamda xorijlik bir qator universitetlar vakillari ishtirok etishdi. 
   Ulardan, Gresiyaning Krit universiteti, Koreya respublikasining  Adju universiteti,  Misr Arab Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlaridan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Hindiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi Nankin universiteti, Rossiya Federasiyasi, Ruminiya Ispaniyaning Malaga universitetlaridan vakillar va yurtimizdagi nufuzli universitetlarning  professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalarni sanab o‘tish mumkin.
  Anjuman yakunida ishtirokchilar bilan  xalqaro miqyosda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan yosh va tajribali olimlar bilan muloqot qilish, ilg‘or tajribalar almashinuvini amalga oshirish masalalarida kelishib olindi.